BRB-TECH
19.08.2024
Sunʼiy intellekt texnologiyalari markazi tashkil etiladi.
O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Prezident sun’iy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot bilan tanishdi.
Bu yil sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish kabi sohalarda 100 dan ortiq raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Xususan, bank-moliya sohasida sun’iy intellektni qo‘llashni kengaytirish, bu bo‘yicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Aytilishicha, o‘tgan yili IT kompaniyalari startap loyihalari uchun jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 134 million dollarni tashkil qilgan.
Davlat rahbari startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganini ta’kidladi. Shu bois startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ma’lumot uchun, venchurli moliyalashtirish innovatsion g‘oyalarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi startap va kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Venchur investitsiya bozori innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda asosiy rol o‘ynaydi.
Manba: https://oz.sputniknews.uz/
#suniy_intellekt #taqdimot #ittexnologiyalari